Madaniyat

Yahudiylarning noroziligi ortidan Yulduz Usmonovaning AQSHdagi konserti bekor qilindi

Yulduz Usmonova Isroil haqidagi bayonotlari uchun uzr so‘ramasligini bildirdi.

Yahudiylarning noroziligi ortidan Yulduz Usmonovaning AQSHdagi konserti bekor qilindi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 2026-yil 9-may kuni AQShning Nyu-York shahri, Bruklin tumani Brayton-Bich hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsert dasturi bekor qilindi. Bu haqda tadbir bo‘lib o‘tishi kutilgan “Oceana Theater” rahbariyati o‘zining rasmiy Facebook sahifasida ma’lum qildi.

 

E’londa qayd etilishicha, konsertga sotilgan chiptalar uchun to‘lovlar xarid qilingan manzildan qaytarib beriladi. Tashkilotchilar yuzaga kelgan noqulayliklar uchun tomoshabinlardan uzr so‘ragan.

 

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda AQShdagi ayrim jamoat vakillari, xususan yahudiy diasporasi vakillari tomonidan Yulduz Usmonovaning konsertini bekor qilish talablari kuchaygani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu chaqiriqlar xonandaning avvalgi yillarda Isroil–Falastin mojarosiga oid bildirgan fikrlari bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

 

2021-yilda Yulduz Usmonova Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlar bilan chiqib, Isroil siyosatini tanqid qilgan. Shu chiqishlar keyinchalik AQShdagi ayrim siyosiy va jamoat doiralari tomonidan keskin muhokama qilingan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nyu-York shtati siyosiy doiralarida ham bu masala yuzasidan muhokamalar bo‘lgan. Ayrim mahalliy siyosatchilar va jamoat vakillari xonandaning avvalgi bayonotlari yuzasidan tushuntirish berilishi va uzr so‘ralishini talab qilgan.

 

Kampaniya tashabbuskorlari bu talablarni Yulduz Usmonovaning “jamoatchilik oldidagi bayonotlari” bilan izohlashgan, biroq rasmiy sud yoki huquqiy qarorlar haqida ma’lumot berilmagan.

 

Yulduz Usmonova avvalgi chiqishlarida zo‘ravonlikka qarshi ekanini ta’kidlab, Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U o‘z fikrlarida qat’iy ekanini, ijodiy faoliyatini davom ettirishini va konsertlar orqali muxlislar oldida chiqish qilishini qayd etgan.

 

“Men o‘z fikrimda qat’iyman. Men zo‘ravonlikka qarshiman. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, Falastin doim ozod bo‘lsin. Bu ularning yeri. Tushunyapsizmi? Men doim takrorlayman: balki siz qadimiy xalqdirsiz, lekin siz yangi mamlakat — Isroilsiz. Amerika — bu Isroil emas. Tushunyapsizmi? Shuning uchun o‘zingizni xo‘jayin deb o‘ylamang. Butun dunyoning o‘z xo‘jayinlari bor va bu aslo siz emassiz. Balki siz banklarni, boshqa narsalarni boshqararsiz, lekin dunyoning ko‘zi ochilmoqda. Biroz kuting. Siz butun dunyoni o‘zingizga qarshi qilib qo‘ydingiz”, dedi u.

 

Shuningdek, xonanda ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan munozaralarga munosabat bildirib, hech kimdan kechirim so‘ramasligini  bildirdi.

 

“Biz o‘zini hurmat qiladigan qadimiy xalqmiz. Va, alhamdulillah, biz musulmonmiz. O‘z dinimizni, o‘z millatimizni, o‘zimizning qadimiy vatanimizni hurmat qilamiz. Ana shunaqa. Shunday ekan, yigitlar, xafa bo‘lmanglar: qancha g‘azablanmang, bugun saylovlar o‘tadi — siz bu bilan menga faqat obro‘ qo‘shasiz. Hatto qiladigan ishingiz yo‘qligidan hammangiz menga qarshi yig‘ilganingiz xursand qildi. Demak, men sizlarni yaxshigina ‘qimirlatib’ qo‘ya olaman. Menga yo‘l ko‘rsatdingiz, yaxshi. Lekin baribir biz konsertlarda ko‘rishamiz. Bu safar bo‘lmasa, balki keyingi safar. O‘ylaymanki, chiptalar doim sold out bo‘ladi, chunki Alloh menga iste’dod bergan ekan, men kuylayman. Insoniyat uchun kuylayman. Hammangizga yo‘l ochiq, adolat esa, inshaalloh, g‘alaba qozonadi”, dedi u.

 

custom img

Ozarbayjon madaniyatining tarixiy ildizlari va multikultural qadriyatlari

Ozarbayjon hududi qadim zamonlardan Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajargani sababli, bu yerda turli madaniyatlar, dinlar va etnik guruhlarning o‘zaro ta’siri yuz bergan.

custom img

Mardin Biyennalesi 2026: qadimiy shahar jahon zamonaviy sanʼati markaziga aylandi

21-iyunga qadar davom etadigan 7-Mardin biyennalesi dunyoning qariyb 20 mamlakatidan 40 dan ortiq ijodkorni bir maydonga jamlamoqda.

custom img

Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida uchta yangi o‘zbek animatsion filmi namoyish etiladi

Tomoshabinlarga zamonaviy talqindagi “Zumrad va Qimmat”, Alisher Navoiy asari asosida yaratilgan “Saxovat” hamda “Burch izidan” filmlari taqdim etiladi. Namoyishlar bepul bo‘ladi.

custom img

Bir qator san’atkorlar “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi

Prezident farmoni bilan madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari mukofotlandi.

custom img

Prezident farmoni bilan ikki nafar kinorejissyor “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi

Kann shahrida o‘tkazilgan xalqaro inklyuziv kinofestivalda Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik kinoijodkorlar Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

custom img

“Sehrli chapaqay”: Sport va oilaviy qadriyatlar haqida yangi film

Film yoshlarni vatanparvarlik, qat’iyat va sog‘lom turmush tarziga ruhlantirishni maqsad qilgan.

custom img

Toshkentda ilk marotaba “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” xalqaro forumi o‘tkaziladi

Forumda 200 nafarga yaqin xorijiy va mahalliy ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva Venetsiya biennalesidagi o‘zbek rassomi ko‘rgazmasida ishtirok etdi

Ekspozitsiyadan 1970-yillarga oid ilgari namoyish etilmagan noyob asarlar ham o‘rin oldi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"