O'zbekiston

“Kartadan kartaga pul oʻtkazish noqonuniy”. Blogerlar daromadi qay tartibda soliqqa tortiladi?

Blogerlar faoliyat hajmi va ish uslubidan kelib chiqib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi mumkin.

“Kartadan kartaga pul oʻtkazish noqonuniy”. Blogerlar daromadi qay tartibda soliqqa tortiladi?

O‘zbekistonda blogerlik faoliyatidan daromad olayotgan fuqarolar uchun soliq majburiyatlari va faoliyatni rasmiylashtirish tartiblari bo‘yicha tushuntirishlar berildi

 

Soliq qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan onlayn seminarda kontent yaratuvchilar uchun amaldagi soliq rejimlari, ro‘yxatdan o‘tish tartibi hamda qonunbuzarliklar uchun javobgarlik masalalari muhokama qilindi.

 

Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Muzaffar Muhammadsaidovning aytishicha, blogerlar faoliyat hajmi va ish uslubidan kelib chiqib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor (YTT) yoki yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi mumkin.

 

Unga ko‘ra, yakka ishlaydigan blogerlar uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi ma’qul hisoblanadi. Mazkur rejimda yollanma xodim ishlatish mumkin emas. Agar bloger besh nafargacha xodim bilan faoliyat yuritsa, YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tishi tavsiya etiladi. Jamoaviy faoliyat olib borayotgan kontent yaratuvchilar esa yuridik shaxs yoki YTT sifatida ishlashi mumkin.

 

Mutaxassisning ta’kidlashicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tish davlat xizmatlari markazlari va soliq organlari orqali, shuningdek, elektron shaklda ham amalga oshiriladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lganlar “Soliq” ilovasi yoki my.gov.uz portali orqali, YTT sifatida faoliyat boshlamoqchi bo‘lganlar esa new.birdarcha.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

 

Seminarda blogerlarning soliq majburiyatlari ham tushuntirildi. Tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan, biroq blogerlik orqali daromad olayotgan jismoniy shaxslar har yili 1-aprelgacha daromad deklaratsiyasini topshirishi va hisoblangan 12 foizlik daromad solig‘ini 1-iyungacha to‘lashi lozim.

 

Qonunchilikka muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq stavkasi bir xil bo‘lib, yillik aylanma mablag‘lari bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravarigacha, ya’ni 4,94 milliard so‘mgacha bo‘lsa, aylanmaning 1 foizi miqdorida soliq to‘lanadi.

 

Agar yillik aylanma mablag‘lari ushbu chegaradan oshsa, bloger qo‘shilgan qiymat solig‘i (12 foiz) va foyda solig‘i (15 foiz) to‘lashni nazarda tutuvchi umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tadi. Shu bilan birga, ushbu tizimga ilk bor o‘tganlarga bir yil davomida foyda solig‘ini to‘lamaslik imtiyozi beriladi.

 

Yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritayotgan blogerlar esa yillik aylanmasining 4 foizini aylanmadan olinadigan soliq sifatida to‘laydi. Ularning aylanma mablag‘lari ham belgilangan chegaraga yetgan taqdirda umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tkaziladi.

 

Soliq qo‘mitasi vakillari blogerlar faoliyatida kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazish orqali reklama va boshqa xizmatlar uchun haq olish soliqdan qochish sifatida baholanishini ham ta’kidladi. 

 

Muzaffar Muhammadsaidovning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati doirasida jismoniy shaxs kartasiga pul qabul qilish tushumni yashirish hisoblanadi.

 

Uning aytishicha, bunday holat nazorat-kassa texnikasidan foydalanmaslik va chek bermaslikka tenglashtiriladi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda jarimaga sabab bo‘ladi. Bloger kartaga pul qabul qilgan taqdirda, unga chek bermaslik holati kabi 5 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanishi mumkin.

 

Bundan tashqari, Soliq kodeksining 223-moddasiga muvofiq, yashirilgan soliq bazasining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha jarima undiriladi. Soliq qo‘mitasi vakili misol tariqasida, agar kartaga 1 milliard so‘m tushum qabul qilingan bo‘lsa va u yashirilgan deb topilsa, 200 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanishi mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, yashirilgan mablag‘ miqdori katta bo‘lsa, fuqaro ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab umumbelgilangan soliq tizimiga o‘tish chegarasi bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari etib belgilangan. Avval ushbu ko‘rsatkich 1 milliard so‘mni tashkil etgan.

custom img

Buxoro tarixiy hududida cheklov: elektrosamokat va mopedlar harakati taqiqlanadi

Yangi tartib 2026-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi.

custom img

Hindiston va Bangladesh fuqarolarini OTMlarga qabul qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildimi?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritdi.

custom img

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ispaniyada Terres oltin mukofotini qo'lga kiritdi

Ben Kingsli ishtirokidagi “Ma’rifat aks-sadosi” — New York Festivals hamda Kann korporativ media va televideniye festivali finalisti.

custom img

“Yashil makon”da sun’iy intellekt qo‘llaniladi: tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinadi

Prezident ishlar samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini ta’kidladi.

custom img

Vino shishasi va qadoqlangan ziravorlar: Tailanddan O‘zbekistonga narkotik olib kirilishining oldi olindi

13 kgdan ortiq “gashish moyi”ning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

custom img

Tojikistonda zilzila sodir bo‘ldi: O‘zbekistonda 3 hududda sezildi

Tog‘li Badaxshon hududidagi zilzila 4,9 magnitudani tashkil etgan.

custom img

Rossiya, Vetnam va Tailanddagi tajriba: Chirchiqda narkolaboratoriya fosh etildi

Giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan 4 nafar fuqaro ushlandi.

custom img

“Mutlaqo xavfsiz”, “nojo‘ya taʼsiri yo‘q”: Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlar reklamasi bo‘yicha ogohlantirdi

Qo‘mita tibbiy xizmatlar reklamasida davolash natijasini kafolatlash, mutlaq xavfsizlikni vaʼda qilish yoki qarshi ko‘rsatmalarni inkor etishga yo‘l qo‘yilmasligini eslatdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"