O'zbekiston

Samarqandning aytim tuman va shaharlarida kambag'allik 2 foizga kamaytiriladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Samarqandning aytim tuman va shaharlarida kambag'allik 2 foizga kamaytiriladi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish hamda olis va chekka tumanlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

 

Yig‘ilishda davlat rahbarining Samarqand viloyatiga avvalgi tashriflari davomida berilgan topshiriqlar ijrosi hamda hududlarni ixtisoslashuv asosida rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi loyihalar ko‘rib chiqildi.

 

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil dekabr oyida Samarqand viloyatini 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari uchun qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratilgan. Joriy yil mart oyida Narpay tumaniga tashrif chog‘ida esa viloyatning olis va chekka hududlarini alohida yondashuv asosida rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan edi.

 

Yig‘ilishda Bulung‘ur, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrining iqtisodiy holati tahlil qilindi.

 

Qayd etilishicha, ushbu hududlarda aholi soni yuqori bo‘lishiga qaramay, yuqori daromadli ish o‘rinlari yetarli emas. Xususan, Narpay, Qo‘shrabot, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrining viloyat sanoatidagi ulushi atigi 10 foizni tashkil etadi. Ayrim hududlarda ishsizlik va kambag‘allik darajasi ham yuqori bo‘lib qolmoqda.

 

Shu sababli har bir tumanning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni aniq yo‘nalishlarda rivojlantirish taklif etildi.

 

Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va chorvachilik markazlari sifatida rivojlantiriladi. Bulung‘ur tumanida qiymati 50 million dollar bo‘lgan, yiliga 100 ming bosh naslli chorva yetishtirish quvvatiga ega zamonaviy naslchilik majmuasi barpo etiladi. Qo‘shrabot va Oqdaryo tumanlarida esa umumiy qiymati 20 million dollarlik naslli jo‘ja ishlab chiqarish korxonalari tashkil qilinadi. Ushbu korxonalar yiliga 800 ming dona mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Narpay tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining yangi o‘sish nuqtalariga aylantiriladi. Jumladan, Narpay tumanida 100 gektar maydonda zamonaviy sanoat zonasi tashkil etilib, umumiy qiymati 500 million dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar joylashtiriladi. Ushbu jarayonga Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyasini jalb etish rejalashtirilgan.

 

Oqdaryo tumani esa parrandachilik, to‘qimachilik va qayta ishlash sanoatiga ixtisoslashtiriladi.

 

Yig‘ilishda hududlar bo‘yicha aniq iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham belgilandi. Xususan, Narpay, Paxtachi, Pastdarg‘om tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allik darajasini esa 2 foizga kamaytirish vazifasi qo‘yildi.

 

Bundan tashqari, Ishtixon, Narpay, Nurobod, Paxtachi, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida eksport hajmini 20 foizga oshirish, Bulung‘ur, Narpay, Nurobod, Payariq, Paxtachi, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida xizmatlar va sanoat hajmini ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi.

 

Yig‘ilishda Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

 

Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 27,3 foizga oshib, 5,4 million nafarga yetgan. Mamlakat oldiga xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga, turizm eksportini esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan.

 

Shu maqsadda Samarqand shahrining tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obyektlarini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi hududini kengaytirish hamda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi yaqinidagi hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

 

Belgilangan chora-tadbirlar natijasida Samarqand shahri, Samarqand tumani va Nurobod tumanida mehmonxonalar sonini 850 taga, mehmonxonalardagi o‘rinlar sonini 20 ming taga, turizm xizmatlari hajmini esa 750 million dollarga yetkazish vazifasi belgilandi.

 

Yig‘ilishda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yo‘l, ichimlik suvi, kanalizatsiya, elektr tarmoqlarini yaxshilash, ijtimoiy obyektlar qurish, renovatsiya va sanoat loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash uchun 1,2 trillion so‘m mablag‘ ajratish taklifi bildirildi.

 

Shuningdek, Samarqand shahridagi “Kimyogarlar” qo‘rg‘onini renovatsiya qilish bo‘yicha master-rejani bir oy muddatda tasdiqlash, Bulung‘urdagi “Yangi O‘zbekiston” massivini kengaytirish hamda yil yakuniga qadar Samarqand shahrining “Temiryo‘l orti” hududida sport, madaniyat, musiqa va san’at maskanlarini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

 

Yig‘ilish yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatining har bir hududida mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalarni belgilab berdi.

custom img

O‘zbekistonda Janubiy Koreyaga ish va o‘qishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

Yettita hududda o‘tkazilgan reydlarda migratsiya bilan bog‘liq firibgarlik sxemalariga chek qo‘yildi.

custom img

Toshkentdagi “Chinor” metro bekati 50 kunga yopiladi

Bekatda rekonstruksiya ishlari olib borilib, lift va yangi turniketlar o‘rnatiladi.

custom img

Sirdaryoda chiyabo‘ri to‘rt fuqaroga hujum qildi

Hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

custom img

O'zbekistonda ekologlar va faollarning atrof-muhitni muhofaza qilishdagi hissasi e’tirof etildi

Zamon.uz bosh muharriri Farida Egamberdiyeva ham “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

custom img

Toshkent viloyatida 10 kg kumushni noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Musodara qilingan kumushning umumiy qiymati 235 million 229 ming so‘mni tashkil etadi.

custom img

Qozog‘istonda YTHga uchragan 17 yoshli qiz O‘zbekistonga qaytarildi

Latviyada insultni boshdan kechirgan va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolar ham vatanga qaytarildi.

custom img

O‘zbekistonda besh yil ichida oltin zaxirasi yana 879 tonnaga oshiriladi

Kumush zaxirasini 510 tonnaga, mis zaxirasini esa 676 ming tonnaga ko‘paytirish rejalashtirilgan.

custom img

O‘zbekistonda 2030-yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 mlrd dollardan ortiq investitsiya jalb etiladi

Investorlarni jalb etish uchun Geologik ma’lumotlar milliy bazasini yaratish taklif etildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"