O'zbekiston

Prezident Dunyo maqom markazi va Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etishni taklif qildi

Davlat rahbari “Shashmaqom”ning olti yo‘nalishi asosida hududlarda “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshrutlarini yaratish rejasini ham e’lon qildi.

Prezident Dunyo maqom markazi va Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etishni taklif qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimida nutq so‘zlab, maqom san’atini asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi. 

 

Davlat rahbari anjumanda UNESCO, ICESCO, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy oqsoqollar kengashi, TURKSOY, Turkiy Parlament Assambleyasi, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari, chet davlatlarning madaniyat vazirlari va elchilari, shuningdek, 80 dan ortiq mamlakatdan 250 ga yaqin madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etayotganini ta’kidladi. 

 

Prezident UNESCO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan maqomni millat xotirasi, xalq qalbi va asrlar davomida yangrab kelayotgan ma’naviy ovoz sifatida e’tirof etdi. Uning qayd etishicha, anjumanning asosiy maqsadi ushbu noyob merosni asrab-avaylash, o‘rganish, targ‘ib etish va kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat. 

 

Prezident maqom san’atining nazariy, tarixiy va falsafiy masalalarini tadqiq etuvchi maxsus ilmiy kengashlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqilishini ma’lum qildi. Shuningdek, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “musiqa maktabi – ixtisoslashgan maktab – oliygoh” tizimi joriy etilgani ta’kidlandi. 

 

Prezident yaqinda madaniyat va san’atning 21 ta yo‘nalishi, jumladan maqom bo‘yicha ham ijodiy birlashmalar tashkil etilganini bildirib, ular mahallalardan iste’dodli yoshlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini qayd etdi. 

 

Endilikda yosh maqomchilar uchun mahalla, tuman, viloyat va respublika miqyosida tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Nutqda ayni paytda “Shashmaqom” durdonalari, Farg‘ona–Toshkent va Xorazm maqomlarining o‘rganilmagan matnlari hamda noyob ijro uslublari qayta tiklanayotgani, bu yo‘nalishda yirik ilmiy va akademik nashrlar hamda ovozli arxivlar tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. 

 

Davlat rahbari Yangi Toshkentda bunyod etilayotgan Maqom markazini Dunyo maqom markazi deb nomlash va uning huzurida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu maskan jahon maqom san’atining yirik ilmiy-tadqiqot markaziga aylanishi mumkin. 

 

Akademiyada o‘zbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa Sharq mumtoz musiqa yo‘nalishlarini o‘qitish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, maqomga qiziqadigan dunyo yoshlari uchun “ustoz-shogird” an’analari asosida mahorat amaliyoti dasturlarini yo‘lga qo‘yish va buning uchun maxsus grantlar ajratish taklif etildi. 

 

Prezident markaz huzurida dunyodagi noyob musiqiy qo‘lyozmalar, ovoz yozuvlari va nota arxivlarini jamlaydigan Xalqaro raqamli kutubxona hamda laboratoriya tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi. Uning fikricha, yangi majmua olimlar va san’atshunoslarni birlashtiradigan global ilmiy-akademik platformaga aylanishi lozim. 

 

Davlat rahbari dunyo xalqlarining maqom, mug‘om, mukam va dastgoh kabi mumtoz musiqa namunalariga oid ma’lumotlarni yagona raqamli makonga jamlash vaqti kelganini ta’kidlab, maqom san’ati olimlari va ijodkorlarini Jahon maqom antologiyasini yaratishga chaqirdi. Mazkur loyiha doirasida maqom asarlari, notalar, audio va video yozuvlar hamda ilmiy tadqiqotlarni yagona platformaga joylashtirish, shuningdek, maqom ijrosi bo‘yicha mobil ilova yaratish va uning fonotekasini muntazam yangilab borish taklif qilindi. 

 

Maqom ilmini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro jamg‘arma tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi. Ushbu jamg‘arma grantlarini ilmiy tadqiqotlar, noyob manbalarni o‘rganish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va soha vakillarini rag‘batlantirishga yo‘naltirish taklif etildi. 

 

Shu bilan birga, jamg‘arma hisobidan maqom rivojiga katta hissa qo‘shgan olim va san’atkorlarni har ikki yilda taqdirlab boruvchi Xalqaro maqom mukofotini ta’sis etish rejalashtirilmoqda. 

 

Davlat rahbari “Shashmaqom”ning olti yo‘nalishi asosida hududlarda “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshrutlarini yaratish rejasini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, Buxoroda “Buzruk”, Samarqandda “Rost”, Xivada “Xorazm” va “Iroq”, Qo‘qonda “Navo”, Shahrisabzda “Dugoh”, Toshkentda esa “Segoh” maqomlariga bag‘ishlangan tematik turizm ko‘chalari tashkil etiladi. Kafe va restoranlar, istirohat bog‘lari hamda xiyobonlarda maqom asarlari muntazam yangrab turishi ko‘zda tutilgan. 

Prezident ozarbayjonlik san’atkorlarni mug‘omi bilan, turkiyalik ijodkorlarni muqomi, tojikistonlik hofizlarni maqomi, Hindiston badiiy jamoalarini “raga”si, Afrika qit’asi vakillarini “nuba”si bilan “Maqom yo‘li” madaniy-turistik marshrutida faol ishtirok etishga chaqirdi.

 

 Nutq davomida Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga milliy davlat ansambli maqomi berilishi e’lon qilindi. Davlat rahbari ushbu qaror mashhur ijodiy jamoaning milliy musiqa durdonalarini jahon sahnalarida targ‘ib etishiga yangi turtki berishini ta’kidladi. 

 

Prezident globallashuv davrida maqom inson qalbida ezgu tuyg‘ularni tarbiyalaydigan va yoshlarning ma’naviy olamini yuksaltiradigan muhim ma’naviy manba ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro maqom san’ati anjumani maqomning umrboqiy merosini kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilayotgan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. 

 

Nutq yakunida davlat rahbari futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokiga ham to‘xtaldi. Prezident terma jamoaning mundialga yo‘llanma olishi xalqning 34 yillik orzusini ro‘yobga chiqarganini ta’kidlab, Kolumbiyaga qarshi ilk uchrashuv nafaqat O‘zbekiston, balki xorijdagi vatandoshlar, Markaziy Osiyo, turkiy xalqlar va Hamdo‘stlik mamlakatlari futbol muxlislarini ham birlashtirganini qayd etdi. 

 

Shavkat Mirziyoyev Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv mamlakat futboli tarixidagi muhim sahifalardan biri bo‘lishini bildirib, milliy terma jamoani Yangi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari deb atadi va futbolchilarga omad tiladi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

custom img

25 yilgacha yoki umrbod: bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi

Voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish hamda ayrim uyatsiz-buzuq harakatlar og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

custom img

Maktablarga talab oshadi: joriy yilda 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi

Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi.

custom img

“O‘qituvchi — mehr daryosi”: Prezident ustozlarni kasb bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev taʼlimning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini taʼsis etishni taklif qildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"