Surxondaryo va Farg‘onada noqonuniy diniy ta’lim berganlar aniqlandi
Umumiy 27 nafar voyaga yetmagan bolalarga tegishli ruxsatnomalarsiz diniy ta’lim berib kelingan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaro hech qanday diniy ma’lumotga hamda diniy ta’lim berish uchun zarur ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan holda joriy yilning iyun oyidan boshlab o‘z xonadonida diniy saboq berib kelgan.
Tezkor tadbir davomida uning uyidan Denov va Oltinsoy tumanlaridan kelgan, 2011-2019-yillarda tug‘ilgan 22 nafar voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy diniy ta’lim berilgani aniqlangan. Shuningdek, bolalar sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan sharoitda yashab, buning evaziga ularning ota-onalaridan har oy 500 ming so‘mdan 100 AQSh dollarigacha undirilgani ma’lum bo‘lgan.
Yana bir holat Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida qayd etilgan. 1971-yilda tug‘ilgan ayol o‘z yashash xonadonida Bag‘dod va Yazyovon tumanlaridan kelgan, 2011-2017-yillardan tug‘ilgan 5 nafar voyaga yetmagan bolalarga hech qanday ruxsatnomasiz diniy ta’lim berayotgani aniqlangan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish jarayonida ta’lim berishda foydalanilgan adabiyotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Har ikki holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Bolalarning ota-onalariga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida ma’muriy choralar ko‘rilgan hamda ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.








