Sindorov — Karlsen: bugun shaxmat olamida katta to‘qnashuv
Sindorov yetakchiligidagi “FYERS American Gambits” jamoasi bugun Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine APL Pipers”ga qarshi bahs olib boradi.

Bugun, 7-sentyabr kuni Hindistonning Bengaluru shahrida shaxmat bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi “Tech Mahindra Global Chess League” turniri doirasida Javohir Sindorov Magnus Karlsenga qarshi dona suradi.
Sindorov yetakchiligidagi “FYERS American Gambits” jamoasi musobaqaning uchinchi kunida Magnus Karlsen sardorligidagi “Alpine APL Pipers” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Mazkur uchrashuvda Sindorov jahon shaxmatining yetakchi vakillaridan biri Magnus Karlsen bilan kuch sinashadi.
“FYERS American Gambits” jamoasi turnirning dastlabki ikki kunida “PBG Alaskan Knights”ni 10:4, “Triveni Continental Kings”ni esa 14:5 hisobida mag‘lub etgan.
Jamoa kechagi bahsda Yan Nepomnyashchiy sardorligidagi “Ganges Grandmasters”ga 7:9 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shunga qaramay, “FYERS American Gambits” 31 ochko va 6 jamoaviy ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab turibdi.
“Ganges Grandmasters” 25 ochko va 6 jamoaviy ochko bilan ikkinchi, “Alpine APL Pipers” esa 21 ochko va 6 jamoaviy ochko bilan keyingi o‘rinda bormoqda.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSh dollarini tashkil etadigan “Tech Mahindra Global Chess League” turniri 12-sentyabrga qadar davom etadi.








