Rossiyadagi dron hujumlarida jabrlangan o‘zbekistonliklar: so‘nggi fuqaro vatanga qaytarildi
U O‘zbekistonda davolanishni davom ettiradi.

Nijnekamsk shahrida avgust oyida sodir bo‘lgan fojiali voqeada jabrlangan O‘zbekiston fuqarolaridan so‘nggisi tibbiy repatriatsiya orqali Vatanga olib kelindi. Bu haqda O'zbekiston TIV matbuot kotibi xabar berdi.
2001-yilda tug‘ilgan S.A.S. dastlab Nijnekamsk shahridagi Markaziy shifoxonaning jonlantirish bo‘limida davolangan. Keyinchalik Tatariston mahalliy hokimlik organlari ko‘magida vertolyotda Qozon shahridagi ixtisoslashtirilgan shifoxonaga ko‘chirilgan.
Fuqaro Qozondagi shifoxonada davolanishni davom ettirib, ikki murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi tomonidan uning Vatanga qaytarilishi uchun zarur reabilitatsiya va tashkiliy ishlar amalga oshirilgan. Fuqaroga konsullik-huquqiy hamda amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Bosh konsulxona, «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi vakolatxonasi va Migratsiya agentligi hamkorligida fuqaro «Qozon–Toshkent» yo‘nalishidagi reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi. U Vatanida davolanishni davom ettiradi.
Nijnekamsk shahrida 10-avgust kuni qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali hujum uyushtirilishi oqibatida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan edi. 12- avgust kuni halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadlari vatanga olib kelingandi.








