Yangi Toshkent aeroporti qurilishi munosabati bilan 7 ta qabriston ko‘chiriladi
Ularning 2 tasi Quyi Chirchiq, 5 tasi O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan.

Toshkent viloyati hokimining tegishli qaroriga ko‘ra, Quyi Chirchiq tumanidagi Sergeli mahallasida joylashgan «Sergeli bolalar» va «Koreys» qabristonlari ko‘chiriladi.
O‘rta Chirchiq tumanidagi Yangiyo‘l mahallasida joylashgan «Suvon bag‘ish», «Qudoyqul» musulmon qabristonlari, «Qudoyqul» va «Sariqtepa» koreys qabristonlari hamda «Boris» rus xristian qabristoni ham ko‘chirilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, mazkur qabristonlarda dafn ishlari uzoq yillar avval to‘xtatilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2026-yil 10-aprelda bergan xulosada marhumlarning jasadlari tuproqqa aylangan bo‘lishi ehtimoli mavjud qabriston hududlaridan belgilangan tartibda foydalanish mumkinligini bildirgan.
Qabrlarni ochish vaqtida suyak qoldiqlari aniqlangan taqdirda, ular ehtiyotkorlik bilan yig‘ilib, boshqa qabristonlarga qayta dafn etiladi.
Bundan tashqari, qarorga ko‘ra, «Sergeli bolalar» qabristonidan eksgumatsiya qilingan qabrlar «Shardara», «Koreys» qabristonidan chiqarilgan qoldiqlar esa Sergeli mahallasidagi rus-koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
«Suvon bag‘ish» va «Qudoyqul» musulmon qabristonlaridan eksgumatsiya qilingan qabrlar Yangiyo‘l mahallasidagi «Zaynab ona» qabristoniga qayta dafn etiladi.
«Qudoyqul» va «Sariqtepa» koreys qabristonlari hamda «Boris» rus xristian qabristonidan eksgumatsiya qilingan qoldiqlar esa Taraqqiyot mahallasidagi koreys qabristoniga ko‘chiriladi.
Qayta dafn qilish ishlari diniy urf-odatlarga muvofiq, shuningdek, sanitariya-epidemiologiya, ekologik, arxitektura va jamoatchilik talablariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.








