Prezident “Agroklaster Oltinko‘l” korxonasida paxta yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi
Shinjon usulida paxta yetishtirish orqali bir gektardan 60–70 sentnergacha hosil olish, suvni 40 foizgacha, o‘g‘itni esa qariyb 30 foizga tejash imkoniyati yaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Agroklaster Oltinko‘l” korxonasida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy ishlanma va yondashuvlarni ishlab chiqarishga tatbiq qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbarining 2025-yil 9-dekabrdagi paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirishga doir qarori bu boradagi ishlarni kengaytirish uchun muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Paxtachilikda Shinjon usulining qo‘llanilishi hosildorlikni sezilarli oshirish bilan birga suv, o‘g‘it va boshqa resurslarni tejash, g‘o‘zani parvarishlash xarajatlarini kamaytirish imkonini bermoqda.
“Agroklaster Oltinko‘l” korxonasining umumiy ekin maydoni 850 gektarni tashkil etadi. Shundan 23 gektarida Shinjon usuli asosida paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.
Shinjon texnologiyasida chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekiladi. Bu tuproq namligi va haroratini barqaror saqlashga, chigitning erta va bir tekis unib chiqishiga xizmat qiladi.
Tomchilatib sug‘orish va oziqlantirish tizimi orqali suv hamda o‘g‘it bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada ortiqcha sarfning oldi olinib, suv 40 foizgacha, o‘g‘it esa qariyb 30 foizga tejaladi.
An’anaviy usulda bir gektar maydondan o‘rtacha 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida ushbu ko‘rsatkich 60-70 sentnerga yetadi. Plyonka ostida shakllangan qulay mikroiqlim tufayli hosilni an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun ertaroq yig‘ib olish mumkin.
Korxonada agrotexnik tadbirlarning asosiy qismi agrodronlar yordamida bajarilmoqda. Bu maxsus texnikalardan foydalanish ehtiyojini va yoqilg‘i sarfini keskin kamaytirmoqda.
Davlat rahbariga loyihaning natijalari, iqtisodiy samaradorligi va mazkur texnologiyani yanada kengaytirish rejalari haqida axborot berildi.








