C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi
AQSH Davlat kotibi 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaga boshchilik qiladi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio oktyabr oyi o‘rtalarida 100 dan ortiq Amerika kompaniyasidan iborat biznes delegatsiyasiga boshchilik qilib, Samarqandga tashrif buyuradi. Bu haqda AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor ma’lum qildi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad AQSH–Markaziy Osiyo strategik sherikligini rivojlantirish, ikki tomonlama diplomatik va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Rubio tashrif doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi C5+1 vazirlar uchrashuvida qatnashadi. C5+1 AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi mintaqaviy diplomatik platforma hisoblanadi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika xavfsizligini mustahkamlash va umumiy mintaqaviy masalalarni hamkorlikda hal etish yo‘llari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, Rubio O‘zbekiston va mintaqa davlatlari vakillari bilan uchrashuvlarda savdoni kengaytirish, xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qiladi.








