Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi
Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida o‘tkazilgan Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressida ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressida ishtirok etdi. Nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan 5 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.
Kongressda transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, narkotrafik, korrupsiya va ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, bolalar huquqlarini himoya qilish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Monika Juma bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning mazkur tuzilma bilan faol hamkorlik qilayotgani va qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Kongress O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Unda barcha ishtirokchi davlatlar navbatdagi kongressni O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Mazkur qaror kongressning yakuniy deklaratsiyasida ham o‘z aksini topdi.
Saida Mirziyoyeva ushbu qarorni O‘zbekistonga nisbatan xalqaro miqyosdagi yuksak ishonch ramzi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, bu mamlakatning ochiqligi, muloqotga tayyorligi va umumiy maqsadlar yo‘lida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga intilayotganiga bildirilgan ishonchdir.
Endilikda O‘zbekistonda kongressga tayyorgarlik ko‘rish uchun besh yillik davr boshlanadi. 2031-yilda mamlakat dunyoning turli davlatlaridan keladigan delegatsiyalarni qabul qiladi.








