17 ta oliygohda boshqaruv o‘zgardi: Oliy ta’lim vazirligiga yangi vakolatlar berildi
O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlandi.

Prezidentning 2026-yil 2-oktabrdagi PQ–358-son “Ayrim davlat oliy ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 17 ta oliy ta’lim muassasasining bo‘ysunuvi o‘zgartirildi.
Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 14 ta pedagogika oliygohi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi 3 ta oliygoh Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb qayta nomlandi.
Qaror bilan pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi qator vazifalar ham Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatildi.
Jumladan, vazirlik:
— yagona konseptual yondashuv asosida oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash siyosatini yuritadi;
— pedagogik ta’limni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;
— pedagogik ta’limning uzviyligi va uzluksizligini hamda ta’lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etilishini ta’minlaydi;
— pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantiradi;
— pedagogika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarining boshqaruv tizimini takomillashtirib boradi.








