Shavkat Mirziyoyevga FAOning oliy mukofoti – “Agricola” medali topshirildi
Prezident BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori bilan uchrashib, tashkilot bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qildi.
FAO rahbari Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning agrar va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan ikkinchi forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda amaliy hamkorlik doirasida erishilgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, yangi besh yillik hamkorlik dasturi qabul qilingan, ayni paytda 27 ta qo‘shma loyiha faol bosqichda.
O‘zbekiston ilk bor 2028–2029-yillar uchun FAO Kengashi tarkibiga saylandi. Shuningdek, 7-oktabr kuni Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Muloqotda yangi hamkorlik dasturini samarali amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, iqlim moliyasini jalb qilish, tajriba almashish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida FAO bosh direktori Syuy Dunyu O‘zbekiston Prezidentiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish sohalaridagi tashabbuslari hamda erishgan yutuqlarining e’tirofi sifatida tashkilotning oliy mukofoti — “Agricola” medalini topshirdi.
1977-yilda FAO tomonidan ta’sis etilgan “Agricola” medali ochlikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi umuminsoniy maqsadlarga erishish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan hamda amaliy choralarni amalga oshirgan atoqli arboblarga beriladi.








