Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qilib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Muloqot davomida Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Xususan, o‘zaro savdo hajmi, sanoat, energetika va boshqa ustuvor sohalarda yetakchi korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiya ko‘lami izchil ortib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, 6-oktabr kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda Hududlar kengashining uchinchi yig‘ilishi yakunlari yuqori baholandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar doirasidagi faol almashinuvlar davom etayotgani ham qayd etildi. Yaqinda O‘zbekistonda “San’atlar olami” Rossiya san’ati festivali o‘tkazilgan bo‘lsa, ayni kunlarda Moskvada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasi muhokama qilindi.








