Toshkentda havo sifati yomonlashdi: hafta oxirigacha davom etadi
Bunday holatlar tungi va ertalabki vaqtlarda qisqa muddatli kuzatilishi mumkin.

Toshkentda 6-oktyabr kuni kunduzgi vaqtda havo sifati asosan “o‘rtacha” darajada bo‘lgan. Kechki soatlarda esa vaziyat yomonlashib, 7-oktyabr tongida “sezgir guruhlar uchun noqulay” daraja kengroq hududlarda qayd etilgan. Ayrim joylarda qisqa muddatli “nosog‘lom” havo sifati ham kuzatilgan.
6-oktyabr soat 17:00 da 7-oktyabr soat 10:00 gacha bo‘lgan kuzatuvlarga ko‘ra, Toshkent bo‘yicha PM2,5 zarrachalarining o‘rtacha miqdori 43,5 mkg/m³, PM10 zarrachalariniki esa 97,2 mkg/m³ ni tashkil qilgan. Xalqaro havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 117 ga teng bo‘lib, bu “sezgir guruhlar uchun noqulay” darajaga mos keladi.
Milliy indeksatsiya bo‘yicha PM2,5 ko‘rsatkichi “yashil”, PM10 esa “sariq” darajada qayd etilgan. 7-oktyabr soat 10:00 holatiga PM10 bo‘yicha shahar o‘rtacha ko‘rsatkichi “zarg‘aldoq” darajaga ko‘tarilgan.
Mutaxassislar havo sifatining yomonlashishini ifloslantiruvchi moddalar tarqalishini cheklagan noqulay meteorologik sharoitlar bilan izohlamoqda. Xususan, shamol tezligining taxminan 1 m/s bo‘lishi va tunda kuzatilgan kuchli harorat inversiyasi havoning almashinuvi hamda vertikal aralashishini susaytirgan.
6-oktyabr soat 23:00 dan 7-oktyabr soat 08:00 gacha o‘tkazilgan vertikal kuzatuvlarda harorat inversiyasi aniqlangan. Inversiya qatlamidagi harorat farqi 1,8–6,7 °C bo‘lgan. Bunday sharoitda yerga yaqin sovuq havo ustida nisbatan iliq havo qatlami hosil bo‘lib, ifloslantiruvchi moddalarning yuqoriga tarqalishini cheklaydi.
Qayd etilishicha, bunday holatlar hafta oxirigacha asosan tungi va ertalabki vaqtlarda qisqa muddatli kuzatilishi mumkin. Hozirda Toshkent atmosferasidagi havo sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.








