Qozog‘iston orqali Tailand va Turkiyaga olib chiqilgan fuqarolar: xalqaro qidiruvdagi shaxs ushlandi
U Turkiyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelingan.

O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining hamkorligi natijasida uzoq yillardan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi M.X. Turkiya hududida aniqlanib, qo‘lga olindi va belgilangan tartibda O‘zbekistonga qaytarildi.
M.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) hamda 223-moddasida (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, u boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, fuqarolarni aldov yo‘li bilan Qozog‘iston orqali Tailand va Turkiyaga olib chiqib, ularni fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb qilganlikda ayblanmoqda.
Vakolatli organlarning hamkorlikdagi tezkor tadbirlari natijasida M.X. ning Turkiyadagi turgan joyi aniqlangan. Shundan so‘ng u qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlangan.








