Toshkentda ayol tug‘ruqdan so‘ng komaga tushgan: prokuratura surishtiruv o‘tkazmoqda
Ayol yarim yildan buyon og'ir ahvolda ekani aytilmoqda. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumanida homilador ayol kesarcha kesish amaliyotidan so‘ng og‘ir ahvolga tushib, olti oydan buyon koma holatida ekani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, M.M. joriy yilning 24-aprel kuni homiladorlikning 38-haftasida qorin pasti va bel sohasidagi kuchli og‘riqlardan shikoyat qilib, Toshkent shahar 9-son tumanlararo perinatal markaziga murojaat qilgan va tug‘ruq bo‘limiga yotqizilgan.
Tug‘ruq jarayonida ayolga peridural og‘riqsizlantirish amaliyoti o‘tkazilgan. Shundan so‘ng qisqa vaqt ichida uning arterial qon bosimi keskin pasaygan, periferik puls aniqlanmagan va yurak faoliyati to‘xtagan.
Bemor zudlik bilan yurak-o‘pka reanimatsiyasiga olingan. Yurak faoliyati tiklanganidan so‘ng kesarcha kesish amaliyoti bajarilib, tirik o‘g‘il chaqaloq tug‘dirib olingan.
Ayolda yuqori spinal blok, gipotenziya va gipoksiya rivojlangani sababli u uzoq muddat sun’iy o‘pka ventilyatsiyasida qoldirilgan. 24–27-aprel kunlari 9-son tumanlararo perinatal markazining jonlantirish bo‘limida davolangan bemor keyinchalik reanimobilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining neyroreanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘tkazgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam amaldagi milliy klinik protokollarga muvofiq amalga oshirilgan. Unda yuzaga kelgan yuqori spinal blok kam uchraydigan anesteziologik asoratlardan biri sifatida baholangan.
Shu bilan birga, holatga huquqiy baho berish uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.








