O'zbekiston

Gaz balloniga yashirilgan 42 kg opiy: Surxondaryoda narkotik moddalar savdosi fosh etildi

Tezkor tadbir davomida narkotik moddalarni olib ketish uchun kelgan ikki kishi va ularning buyurtmachisi ham qo‘lga olindi.

Gaz balloniga yashirilgan 42 kg opiy: Surxondaryoda narkotik moddalar savdosi fosh etildi



Surxondaryo viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 41 kg 904 gramm opiy musodara qilindi. Narkotik moddalar bilan bog‘liq holat yuzasidan to‘rt nafar shaxs ushlandi.


Tezkor tadbir davomida Toshkent viloyati tomondan kelayotgan, Denov tumanida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshirildi.


Tekshiruv davomida avtomobil yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balloni ichiga 43 ta o‘ramga joylangan, jami 41 kg 904 gramm opiy yashirilgani aniqlandi.


Tezkor tadbir davom ettirilib, narkotik moddalarni olib ketish uchun kelgan, 1960 va 1983-yillarda tug‘ilgan, Denov va Sariosiyo tumanlarida yashovchi ikki nafar fuqaro ushlandi. Maʼlum qilinishicha, ularning har ikkisi ham avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.


Tadbirning keyingi bosqichida narkotik moddalar buyurtmachisi ekani aytilgan, 1978-yilda tug‘ilgan Sariosiyo tumani fuqarosi ham qo‘lga olindi. U ham muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan.


Hozirda mazkur holat yuzasidan to‘rt nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.