Savdo, transport va kiberxavfsizlik: Mirziyoyev MDH doirasidagi hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi
Prezident resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirish, transport va energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.
Davlat rahbari Hamdo‘stlikning 35 yillik faoliyati davomida ko‘plab o‘zgarishlar yuz berganiga qaramay, mamlakatlarni yaqin insoniy munosabatlar, umumiy tarix va hamkorlik salohiyati bog‘lab turishini taʼkidladi.
Uning qayd etishicha, global ziddiyatlar kuchayib, anʼanaviy iqtisodiy aloqalar qayta shakllanayotgan sharoitda o‘zaro ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va kelishuvlarning amaliy natijalarini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Prezident davlatlarning umumiy salohiyatidan to‘liq foydalanish, savdo-investitsiya sherikligini yangi bosqichga olib chiqish hamda oddiy tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini birgalikda yaratishga bosqichma-bosqich o‘tishni taklif qildi.
Shuningdek, erkin savdo zonasining to‘liq ishlashini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlarida bozorlarni o‘zaro ochishga doir bitim hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini tez fursatda kelishish va tasdiqlashga umid bildirdi.
Bundan tashqari, oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar kiritishdan oldin hamkorlarni xabardor qilish va maslahatlashish mexanizmini joriy etish taklif qilindi.
Davlat rahbari integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini kamaytirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish va MDHning yagona transport axborot tizimini shakllantirishni maqsadga muvofiq deb atadi.
Shuningdek, Turkmanistonning 2029-yilni Hamdo‘stlikning transport bog‘liqligi yili deb eʼlon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Energetika sohasida esa mintaqaning yaqin o‘n yilliklardagi energetik bog‘liqligini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli prognoz ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Mirziyoyev kam uglerodli texnologiyalarni jadal joriy etish va yopiq sikldagi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Ushbu yo‘nalishdagi saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun MDHning resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Prezident Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi faoliyati formatini kengaytirish orqali madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini bildirdi. Shuningdek, “Madaniy siyosat va kreativ industriyalar” forumini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha esa MDH Ichki ishlar vazirlari kengashiga qo‘shma aloqa markazini tashkil etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqishni topshirish taklif qilindi.








