Panamada 7,7 magnitudali zilzila: sunami xavfi haqida ogohlantirish berildi
Xavfsizlik sababli metro liniyalarining ikkitasida harakat vaqtincha to‘xtatilgan.

9-oktabr kuni Panama janubida 7,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari mamlakat poytaxti Panama shahrida ham sezilgan. Bu haqda AQSh Geologik xizmati (USGS) ma’lum qildi.
Xizmatning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila epitsentri Pitalosa-Arriba qishlog‘idan 12 kilometr g‘arb-janubi-g‘arbda, o‘chog‘i esa taxminan 12,6 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Zilziladan so‘ng Tinch okeanining sharqiy qirg‘oqbo‘yi hududlari uchun sunami haqida ogohlantirish e’lon qilingan.
Reuters xabariga ko‘ra, Panama kanali ma’muriyati zilziladan keyin kanal odatdagi tartibda ishlayotganini bildirgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan Panama shahri metrosining ikkita liniyasida esa harakat vaqtincha to‘xtatilgan.
Shuningdek, 9-oktabr kuni Panama hududida 6,6 magnitudali yana bir zilzila qayd etilgan. Uning epitsentri Rio Grande daryosidan 14 kilometr g‘arbda, o‘chog‘i esa 10 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Tinch okeani sunami haqida ogohlantirish markazining keyingi byulletenida dastlabki zilziladan kelib chiqqan sunami xavfi o‘tgani ma’lum qilingan. Shu bilan birga, ayrim qirg‘oqbo‘yi hududlarida bir necha soat davomida dengiz sathining biroz tebranishlari kuzatilishi mumkinligi qayd etilgan.








