Rossiyaning Ukrainaga hujumi oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi: bolalar ham bor
Zelenskiy Rossiyaning hujumini AQSHning sanksiyalarni yumshatish qarori bilan bog‘ladi.

10-oktyabr kuni Rossiya Ukrainaning janubidagi Zaporijjya shahriga hujum qildi. Oqibatda 17 kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi, yana 18 kishi yaralandi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hujumlar vaqtida raketa yoki aviabombalardan biri turar joy binosining bir qismini vayron qilgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 6 yoshli qizaloqning jasadini olib chiqdi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning hujumini AQSHning sanksiyalarni yumshatish qarori bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, Rossiya dizel eksportiga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishiga javoban Zaporijjyadagi turar joy binolariga beshta boshqariladigan aviabomba tashlagan.
Zelenskiy Rossiyaga bosimni yumshatish Moskvaning hujumlarni davom ettirishiga turtki bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Zaporijjya hujumi Ukrainada bir hafta ichida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan uchinchi hujum bo‘ldi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba va payshanba kunlari Rossiya zarbalari oqibatida qariyb 80 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Ular orasida Kramatorsk shahridan kamida 30 kishi va Priluki shahridan 22 kishi bor.
Shanba kuni Ukraina poytaxti Kiyevdagi restoranga ham raketa zarbasi berildi. Oqibatda yetti kishi yaralandi. Rossiya dronlarining keng ko‘lamli hujumlari sabab Kiyev va uning atrofidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti uzildi. Shahar metrosi poyezdlari shu hafta ikkinchi marta harakatini to‘xtatdi.
Donald Tramp Rossiyaning dizel eksportiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha kelishuvni e’lon qildi. Reuters qayd etishicha, bunga AQSHning Eron bilan mojarosi fonida energiya narxlarining ko‘tarilishi sabab bo‘lgan.
Kiyev esa Moskvaga bosimni kuchaytirish orqali Rossiyani urushni tugatish bo‘yicha jiddiy muzokaralarga majbur qilish tarafdori. Zelenskiy Trampning qarori Ukraina uchun kutilmagan bo‘lganini bildirgan.
Trampning e’loni Ukraina va Yevropa rasmiylari Mayamida AQSH muzokarachilari bilan urushni tugatish bo‘yicha umumiy taklif ishlab chiqish yuzasidan uchrashgan paytda yangradi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tramp bilan telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng tinchlik muzokazalarini zudlik bilan qayta boshlash ehtimoli pastligini aytdi. U bunga Ukrainaning Moskvaga dronlar bilan hujum qilganini sabab qilib ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, Rossiya tomonidan tayinlangan Lugansk gubernatori Ukraina hujumlari oqibatida hududda to‘rt nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, yana besh kishi yaralanganini ma’lum qildi. Reuters ushbu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini yozdi.








