Qarorga ko‘ra, 2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘larning 500 milliard so‘mi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, imtiyozli kreditlar hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 6 oygacha imtiyozli davr bilan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ko‘zda tutilgan shartlar asosida ajratiladi. Cheklangan summa 225 million so‘mgacha.
Shuningdek, imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha “oilakredit.uz” elektron platformasida hunarmandlarni onlayn navbatga qo‘yish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida bo‘lim ishga tushiriladi.
Joriy yildan boshlab “usta-shogird” anʼanalari asosida hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlashi uchun 6 oy davomida har oyda BXMning 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Shu bilan birga, mustaqil faoliyatini boshlash uchun asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishda shogirdlarga ketadigan harakatlarning 50 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi.
Shuncha miqdordagi subsidiyalar usta hunarmandlar uchun ham beriladi. Bundan maqsad internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining teng yarmini qoplashdir.
Eslatma. Bunda xarajatlar BHMning 25 barobaridan ziyod bo‘lmasligi zarur.
Subsidiya ajratiladigan hunarmandlar va shogirdlar hisobi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yuritilib, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Maʼlumot uchun, 2022 yildan “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari ham kommunal infratuzilma xizmatlariga aholiga belgilangan tariflar va shartlar asosida haq to‘laydi. Mazkur tartib faoliyat yuritish joyidan qatʼiy nazar amaliyotga tatbiq qilinadi.
Avvalroq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ajratayotgan subsidiya kimlarga berilishi hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


