Chilonzorda psixotrop dori vositalarini noqonuniy sotayotgan dorixona aniqlandi
Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Balki ana shu salbiy illatni hayoti davomida o‘ziga orttirib oladi. Oramizda mo‘may daromad ilinjida o‘z “tadbirkor”ligini yo‘lga qo‘yib, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan shaxslar ham yo‘q emas.


Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi va DXX hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tumandagi “G.” MCHJga qarashli dorixonaning norasmiy sotuvchisi F.E. xaridorga 2 dona “regapen”, 1 donadan “selofen” hamda “tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, 180 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 114 dona “regapen”, 107 dona “selofen”, 92 dona “zardeks”, 68 dona “tebantin” va 9 dona “tropikamid” nomli dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda “kleksan” dori vositasini noqonuniy ravishda muomalaga kiritayotgan shaxslar ushlangani hamda Jizzaxda talaba noqonuniy ravishda 26 million so‘mga “remdesivir” dorisini sotishga uringani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova tayyorladi.







