Jamiyat

Elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotganlar ushlandi

Ular bunday noqonuniy hamda shafqatsiz ravishda baliq ovlagani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotganlar ushlandi

 

 

Unda aytilishicha, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish idorasi  o‘tkazgan tungi nazorat tadbirida “U. Kubayev” SIU hududidan oqib o‘tgan kanaldan bir necha  fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotganlik holati aniqlangan. Holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati  Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 90-moddasiga eʼtibor qaratgan.

Mazkur moddada “Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish”   fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima tayinlashga sabab bo‘ladi. Shuningdek, agar huquqbuzar elektr qurol yoki shunga o‘xshash ashyolar bilan ov qilgan bo‘lsa, uning anjomlari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima undirib olinadi.

Harakatning qamrovi va holatiga qarab, fuqaro uch yil muddatga ov qilish huquqidan mahrum etiladi yoki bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Bundan avval Qoraqalpog‘istonda kiyiklarni o‘ldirib, UAZda olib ketayotganlar ushlangani, O‘zbekistonda endi hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida katta miqdordagi baliqlarning noqonuniy ovlanishining oldi olingani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotganlar ushlandi | Zamon.uz