Yozyovonda qurilish korxonasidan tadbirkorlar foydasiga jami 2 milliard 108 millon so‘m qarz undirildi
Yozyovon tumanidagi gidrotexnika muhandislik inshootlari qurish faoliyati bilan shug‘ullanib keladigan korxona tomonidan soliq to‘lovlaridan boshqa tadbirkorlar bilan bo‘lgan o‘zaro iqtisodiy oldi-berdilar qarz bo‘lganligi sababli ish sudgacha bordi.

Majburiy ijro byurosi axborot xizmatining Zamon.uz‘ga taqdim etgan maʼlumotlariga ko‘ra, Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudining 06.09.2021 yildagi 2102/3402-sonli sud buyrug‘iga asosan ushbu korxonadan "Asl Grand Oil" MCHJ foydasiga 1 milliard 164 million 879,6 ming so‘m asosiy qarz va 5 million 824,4 ming so‘m davlat boji undirish belgilangan.
Shuningdek, Farg‘ona tumanlararo sudining 17.08.2021 yildagi 2105/2536-sonli ijro varaqasiga asosan "Suv Aziz trans" MCHJ foydasiga 446 million 93,3 ming so‘m qarz undirish ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, korxona 477 million 141 ming 659 so‘m soliq va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni ham o‘z vaqtida to‘lash choralarini ko‘rmagan.
Mazkur sud va boshqa organ qarorlari Byuroning Yozyovon tuman bo‘limiga kelib tushgandan so‘ng, qarzdor tarafga ixtiyoriy muddat belgilab berilgan.
Davlat ijrochisi talabi bajarilmagach, majburiy ijro harakatlari davomida korxona hisob-raqami xatlanib, jami 2 milliard 108 ming so‘m qarzdorlik tadbirkorlar foydasiga undirib berildi.
Avvalroq Buxoroda qarzdorning “Trailblazer”, Oltiariqda fuqaro kredit olib, to‘lovlarni o‘z vaqtida qaytarmagani uchun avtomashinasi xatlangani, qarzdor ota aliment to‘lovi o‘rniga farzandlariga uy bergani ҳамда MIB.UZ mobil ilovasi ishga tushgani haqida xabar berilgandi.







