Toshkentda ayrim avtobuslarning qatnov yo‘nalishi vaqtincha o‘zgardi
Toshkent—Chirchiq—Hojikent tezyurar elektr poyezdlar harakatini tashkil etish maqsadida Parkent ko‘chasidan KHAYga o‘tish qismida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Shu sababli ushbu hududda avtotransport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklandi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati xabar berdi.


Maʼlum qilinishicha, 5-oktabr kunidan boshlab 58-, 88-, 89-, 95-sonli avtobus yo‘nalishlari quyidagi ko‘chalardan harakatini davom ettiradi:
-
58-sonli avtobus yo‘nalishi — Mustaqillik shohko‘chasidan Oqqo‘rg‘on, Katta Darxon ko‘chalari orqali «Ekskavator zavodi» so‘nggi bekatigacha ikki taraflama;
-
88-sonli avtobus yo‘nalishi Parkent ko‘chasidan Mustaqillik shohko‘chasi, Oqqo‘rg‘on ko‘chalari orqali va keyingi harakatini o‘z yo‘nalishini davom ettirgan holda;
-
89- va 95-sonli avtobus yo‘nalishlari — shahar tomon harakatlari Parkent ko‘chasidan Mustaqillik shohko‘chasi, Oqqo‘rg‘on ko‘chalari orqali Oqqo‘rg‘on — Katta Darxon ko‘chalari kesishgan joydan orqaga burilib, o‘z yo‘nalishini davom ettirgan holda (qaytishda o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmagan holda) harakatlanadi.
“Toshshahartransxizmat” keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘raydi, - deyiladi xabarda.
Avvalroq Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish agentligi ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamoat transporti harakati bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgandi. Shuningdek, jamoat transporti (avtobuslar) dan bir oy mobaynida foydalangan yo‘lovchilar soni ochiqlangani hamda Toshkentdagi xalqaro konferensiya tufayli ayrim avtobuslar yo‘nalishi o‘zgargani haqida xabar berilgandi.







