“Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni taʼsis etilishi mumkin
O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni taʼsis etilishi mumkin. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Mirziyoyev kelgusida byudjet-moliyaviy instrumentlar tumanda emas, mahallaning o‘zida bo‘lishini, uni qayerga, nima maqsadda sarf qilishni mahalla, yaʼni xalqning o‘zi hal qilishini taʼkidladi. Nishon haqida quyidagicha izoh berdi:
“Eng ahvoli og‘ir, ishsizlik yuqori bo‘lgan mahallalarga o‘tkir iqtisodchilar qo‘yiladi. Ular mahallani oyoqqa turg‘azib, obod qilsa, “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi. Avvalgidek, bitta tumanni asfalt qilib, chirog‘ini yoqib o‘tiraversak, odamlar bizdan rozi bo‘lmaydi. Endi mahalla tumanga borib “yo‘lga pul ber, suvga pul ber” deb o‘tirmaydi. Qo‘chqorovning tizimi (Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri) 100 foiz shunga javob beradi” .
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mahallalarda yangi tizim bo‘yicha ish boshlaydigan "hokim yordamchilari" Prezident adminstratsiyasi tomonidan tayinlanishini aytdi. Ushbu yordamchilarga mahallalarda oilaviy tadbirkorlik kreditlarini berish, lider tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish va ularni jamoat ishlariga jalb qilish, yoshlarni kasbga o‘qitish bo‘yicha moliyaviy instrumentlar beriladi.
Uchrashuvda bundan tashqari, Sirdaryo viloyati uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2,5 trillion so‘m imtiyozli kredit resurslari ajratilishi ham maʼlum qilindi.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Cho‘lponoy Ahmedova







