Davlat xizmatlari sifatini baholaydigan yangi portal ishga tushdi
Akselerator guruhi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga anʼanaviy tarzda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini baholash uchun interaktiv portal ishlab chiqdi.


Foydalanuvchilar endi “BAHO.GOV.UZ” saytida davlat xizmatiga bergan bahosini qoldirishi mumkin.
Tekshiruv tarkibiga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi, UZINFOCOM, IIV, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi vakillari kiritilgan.
O‘rganilgan xorijiy tajribadan kelib chiqib, davlat xizmatlaridan fuqarolarning qoniqish darajasini o‘lchaydigan – “BAHO.GOV.UZ” portali konsepsiyasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Fuqarolar 5 ta:
• murojaatni ko‘rishda muddatlarga amal qilish;
• xizmat ko‘rsatish malakasi;
• odob qoidalariga rioya qilish;
• adolatli yondashuv;
• murojaat qilish uchun sharoitlar mavjudligi bo‘yicha maxsus QR-kod yordamida ushbu portal orqali davlat xizmatlari to‘g‘risida (1-5 gacha tizimda) o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin.
Shuningdek, ekspertlar fuqarolar tomonidan qo‘yilgan salbiy baholar tegishli davlat organlari rahbarlariga mavjud holatni chuqur o‘rganib, tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rish uchun jiddiy signal bo‘lishiga ishonmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval O‘zbekistonda byudjet tashkiloti xodimlarining ish haqlarini onlayn kuzatib borishi mumkinligi va “Yoshsaylovchi.uz” elektron platformasi ishga tushgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







