Jamiyat

Haydovchining uxlab qolishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi

Samarqand viloyati IIBning maʼlum qilishicha, “Nexia” haydovchisi tezlikni meʼyoridan oshirib, uxlab qolishi oqibatida YTH sodir bo‘lgan.

Haydovchining uxlab qolishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi

 

 

Qayd etilishicha, 2021-yilning 14-oktabr kuni soat 6:20 da Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi “M-39” avtomobil yo‘lining 1050-km.da "Nexia” rusumli transport vositasining haydovchisi tezlikni meʼyoridan oshirib, boshqaruv vaqtida uxlab qolishi oqibatida yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketgan.

 

Oqibatda transport vositasida yong‘in sodir bo‘ldi. Mashina salonida bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Haydovchi esa tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

 

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

 

Bundan avval Samarqand va Surxondaryoda sodir bo‘lgan uchta YTH oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgani va Toshkentda haydovchining uxlab qolishi oqibatida 3 ta mashinaga shikast yetkazilgani haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga “Lasetti”ning daraxtga borib urilishi oqibatida yo‘lovchi vafot etgani hamda Yangiobod mahallasida haydovchining tezlikni oshirish natijasida 21 yoshli bola hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar qilingandi.

 

 

Cho‘lponoy Ahmedova

Haydovchining uxlab qolishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi | Zamon.uz