Mahallalarda ish izlab qayerga murojaat qilishini bilmay “boshi qotgan” ayollar soni qachon qisqaradi?
O‘tgan 5 yilda 800 yuz mingdan ortiq ayollar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Qishloq joylarida 150 mingdan ortiq ayol tekstil yo‘nalishida ishga joylashtirildi.

Hududlarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 250 ming nafar xotin-kizga ishga joylashish masalasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Ammo hali-hamon yon-atrofimizda ish izlab, qayerga murojaat qilishini bilmay yurgan xotin-qizlar ham yo‘q emas.
Xalqaro media-xollda tashkil etilgan navbatdagi ochiq muloqot ayollar bandligi mavzusiga bag‘ishlandi. Unda ishtirok etgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari Nozim Husanovning aytishicha, bunday holatlarda ayollar vazirlikka, jumladan, tashkilotning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga murojaat qilishlari mumkin.
— Ish izlayotgan fuqarolar, shu jumladan, ayollar vazirlikning (71) 200-06-00 ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga ham bemalol murojaat qilishlari mumkin. Bunda murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi, — deydi Nozim Husanov.
Shu o‘rinda yana bir maʼlumot: 2022-yilning yanvar oyidan Prezidentning kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etishga doir qator qarorlari asosida mahallalarda 1000 ta o‘quv maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda tikuvchilik, sartaroshlik, qandolatchilik kabi kasblarga qayta o‘qitiladi. Natijada, yiliga 26 000 nafar xotin-qizlar va yoshlar kasb-hunarli bo‘ladi.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qitish imkoniyati yaratishi haqida aytgandi. Shuningdek, vazirlik tomonidan o‘tkazilgan brifingda matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ajratayotgan subsidiya kimlarga berilishi haqidagi savolga batafsil javob bergandi.
Bahriniso Madumarova







