Jamiyat

46 yil avval ishlab chiqarilgan texnologik uskunani O‘zbekistonga yangi deb olib kirmoqchi bo‘lgan qalloblar fosh bo‘ldi

Bu orqali ular 1 milliard so‘mdan ziyod bojxona imtiyozlarini suiisteʼmol qilmoqchi bo‘lgan.

46 yil avval ishlab chiqarilgan texnologik uskunani O‘zbekistonga yangi deb olib kirmoqchi bo‘lgan qalloblar fosh bo‘ldi

 

Qashqadaryoda 46 yil avval ishlab chiqarilgan texnologik uskunani go‘yoki yangi deb olib kirmoqchi bo‘lgan qalloblar fosh qilindi.  

 

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan birining nomiga xorijdan keltirilgan po‘lat sim ishlab chiqaruvchi texnologik asbob-uskunalarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida navbatdagi qonunbuzilish holati fosh etildi.

 

Qayd etilishicha, rasmiylashtiruv jarayonida qiymati 644,6 ming AQSH dollarini tashkil qiluvchi mazkur uskunalar “Xavflarni boshqarish tizimi”da “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilgani bois, bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

 

Aslida hujjatlarda ushbu texnologik uskunalar 2020-yilda ishlab chiqarilgan deb ko‘rsatilgan edi. Boisi, amaldagi tartiblarga ko‘ra ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan bu kabi uskunalar uchun bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar nazarda tutilgan.

 

Taʼkidlanishicha, bojxona ko‘rigi davomida mazkur texnologiyalarning biri 1975-yilda, ikkinchisi esa 2017-yilda ishlab chiqarilgani aniqlandi. Ularni hujjatlarda go‘yoki 2020-yilda ishlab chiqarilgan deb ko‘rsatish orqali  yuk egalari noqonuniy ravishda bojxona to‘lovlaridan 1 milliard 33 million so‘mlik imtiyozlarni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan.

 

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq Qashqadaryoda birovning uyiga mehmonga kelgan shaxs mashina o‘g‘irlab qochib ketgani, Quvasoyda chet davlatga ishga yuborishni vaʼda qilib, aldagan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Farg‘onada plastik kartadan pul o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga tushgani, Uchtepada 15 mln so‘m miqdoridagi qariyb 1000 metrlik kabellar o‘g‘irlangani hamda Xaridorga choy sodasini kimyoviy modda sifatida o‘tkazayotgan firibgarlar ushlangani haqida xabar berilgandi.

46 yil avval ishlab chiqarilgan texnologik uskunani O‘zbekistonga yangi deb olib kirmoqchi bo‘lgan qalloblar fosh bo‘ldi | Zamon.uz