Maishiy gaz ballon qanday o‘rnatilishini bilasizmi?
Ikki qavatdan yuqori bo‘lgan uylarda, yerto‘la va yarim yerto‘lalarda, chordoqda gaz ballon qurilmalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Suyultirilgan gazdan foydalanishda maʼlum xavfsizlik qoidalariga rioya qilish juda muhimdir. Aks holda, insonning mol-mulki, undan ham yomoni, sog‘ligi va hayoti xavf ostida qolishi mumkin.
To‘ldirilgan gaz ballonlarini yashash xonalari, sanauzellar, dahliz, yerto‘la va isitish tarmoqlari oldida saqlash mumkin emas. Nosoz gaz ballondan foydalanmaslik, o‘zboshimchalik bilan ularni taʼmirlamaslik lozim.
Qish vaqtida ballonlarni issiq suv yoki ochiq olov yordamida qizdirmaslik kerak. Aks holda bunday holatlar baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Gaz ballonlari binoga kirish joyidan 5 metr masofada, devorning eshik romlari o‘rnatilmagan tomoniga yonmaydigan materiallardan qurilgan alohida xona yoki maxsus qutiga o‘rnatiladi.
Maʼlumot uchun: gaz ballonlar – suyultirilgan va siqilgan gazlarni saqlash uchun mo‘ljallangan sig‘imlar hisoblanadi. Ballonlar payvandlagan yoki butun cho‘zilgan, yuqori qismi toraygan sig‘im bo‘ladi. Pastki qismida mustahkamligi uchun taglik va yuqori qismida 2 ta ulanish rezbalari mavjud.
Ballonning yuqori qismida pasport maʼlumotlari o‘yib yozilgan bo‘ladi, yaʼni ishlab chiqaruvchi zavod, ballon raqami, ishlab chiqarish sanasi, keyingi sinov sanasi, ishchi va sinov bosimi, “OTK” (Texnik nazorat bo‘limi) tamg‘asi tushiriladi. Ballonlarni qayta tekshiruvdan o‘tkazish 5 yilda bir marta o‘tkaziladi va ballonda keyingi sinov sanasi o‘yib yoziladi.
Ballonlar bir nechta turi mavjud. Bular gazning turiga ko‘ra, kislorod, atsetilen, propan. Bo‘yalishiga ko‘ra esa kislorod-ko‘k, atsetilen-oq, propan va metan-qizil, uglekisliy gaz-qora, vodorod-yashil, argon-kulrang, geliy-jigarrang bo‘ladi.
Shuningdek, yozuv matni va rangi bo‘yicha Asetilen-qizil, vodorod-qizil, kislorod-qora, propan-oq, qora, boshqa gazlar-oq bo‘ladi. Tuzilish bo‘yicha – butun cho‘zilgan, payvandlangan turlari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda aholidan o‘marilgan gaz qaytarilgani hamda Ozoda Nursaidovani tug‘ilgan kunida gaz orqali shishirilgan sharlar portlab ketgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Surxondaryoda "UAZ" avtomobiliga o‘rnatilgan gaz ballon portlagandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







