“UzAuto Motors” xaridorlarga “Lacetti” va “Labo” yetkazib berishni yana ikki oyga kechiktiradi
“UzAuto Motors” 2021 yilning oktyabr - noyabr oylarida “Chevrolet Lacetti” va “Chevrolet Labo” avtomobillarini olishi kerak bo‘lgan xaridorlarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Kompaniyanng xabariga ko‘ra, navbatda turgan xaridorlar yana ikki oy kutishlari kerak bo‘ladi.
O‘tgan vaqt davomida avtomobilni yetkazib berish bo‘yicha ilgari tuzilgan shartnomaning 1.2 bandiga mos ravishda shartnomaga 3.1.1 bandni kiritishga majbur bo‘lingan.
“Yarim o‘tkazgichlardan (mikrochiplardan) tayyorlangan butlovchi qismlarning global taqchilligi sababli kompaniya 3.1.1 bandini qo‘llashga hamda 3.1 bandda ko‘rsatilgan “Chevrolet Lacetti” hamda “Labo” avtomobillarining kutilayotgan yetkazib berish muddatini 2 oyga uzaytirishga majbur. Bu “UzAuto Motors”ga bog‘liq bo‘lmagan sababdir”, – deyiladi avtokompaniya xabarida.
“UzAuto Motors” mazkur holatni “ekstremal chora” deb atagan.
Kompaniya rasmiylari mazkur vaziyat isteʼmolchilar tomonidan to‘g‘ri tushunilishiga umid qilib, shunday deydi:
“Ishontirib aytamizki, uzoq kutilgan avtomobilingizni imkon qadar tezroq olishingiz uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni qilamiz”.
Avvalroq “UzAuto Motors” “Spark” va “Lacetti” avtomobillarini vaqtincha ishlab chiqarish to‘xtatilganligi haqidagi maʼlumotni tasdiqlagani, “UzAuto Motors” “Chevrolet Lacetti”larini nega don omborlarida saqlayotgani hamda Kusherbayev yana “UzAuto Motors” masalasiga qaytgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







