Toshkentdagi pichoqbozlik bo‘yicha IIB munosabat bildirdi
Bir nechta fuqarolar o‘zaro kelishmovchilik sabab janjallashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha erkaklar ishtirokida janjal aks etgan videolavha tarqaldi. Tasvirda erkaklar bir-biriga pichoq ko‘tarib, hujum qilgan holatlarga ham guvoh bo‘lish mumkin.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 31-oktabr kuni taxminan soat 22.00 larda Toshkent shahridagi Bog‘ishamol ko‘chasida bo‘lgan. Bir nechta fuqarolar o‘zaro kelishmovchilik sabab janjallashgan. Xususan, 30 yoshli J.I. va uning tanishlari 30 yoshli M.X., 39 yoshli J.A., 24 yoshli U.r., 37 yoshli X.A., 27 yoshli X.S. hamda 30 yoshli U.d janjalda ishtirok etgan. Gumonlanuvchilardan biri 30 yoshli J.I. qochmoqchi bo‘lgan "Chevrolet Equinox" rusumli avtomobilga zarar ham yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “B” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov jarayonlari davom etmoqda.
Avvalroq Qamashida 17 yoshli qiz qo‘shni yigitni 29 marotaba pichoqlagani hamda Toshkentda dzyudochi Kamoliddin Rasulov boshqa sportchi tomonidan pichoqlab, o‘ldirilgani haqida xabar bergandik.
Munojat Valiyeva







