Kollej va texnikumlarga kirish uchun test sinovlari 12-17 noyabr kunlari o‘tkaziladi
O'quvchilarga 3 soat vaqt ajratiladi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalari o‘rtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab texnikumlar o‘quvchilarini amaliyot o‘tash joylari hamda kelgusida ishga joylashishlari uchun 750 tadan ortiq tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirildi.
Hozirgi kunda professional taʼlim tizimida 339 ta kasb-hunar maktabi, 17 ta vazirlik va idoralar tizimidagi 162 ta kollejlar hamda 62 ta oliy taʼlim muassasalari huzuridagi 213 ta texnikumlarda kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Tizimda mehnat bozorida zarur bo‘layotgan 400 tadan ortiq kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Jami 714 ta professional taʼlim muassasalarida 289 ming 783 nafar, jumladan:
339 ta kasb-hunar maktablarida 167 ming 821 nafar;
162 ta kollejlarda 59 ming 642 nafar (shundan davlat granti asosida 9 ming 284 nafar);
213 ta texnikumlarda 62 ming 320 nafar (shundan davlat granti asosida 8 ming 171 nafar) o‘quvchilar taʼlim olmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Sardor Usmonovning maʼlum qilishicha, imtihonlar 2 smenada tashkil qilinadi. Test sinovlari 1-smenada 09:00 dan 12:00 ga qadar hamda 2-smenada 14:30 dan 17:30 ga qadar bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari kasb va mutaxassislikka mos 2 ta fan va barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan (ona tili, matematika va tarix)dan o‘tkaziladi.
Talabgorlarga mutaxassislik fanlaridan 20 tadan, majburiy fanlardan esa 10 tadan jami 70 ta test topshirig‘ini ishlash uchun 3 soat vaqt ajratiladi. Maksimal ball – 189 ball bo‘lib, mutaxassislik fanlari bo‘yicha har bir to‘g‘ri javob uchun 3,15 balldan (jami 126 ball), majburiy fanlar bo‘yicha esa 2,1 balldan (jami 63 ball) beriladi.
Maʼlumot uchun: talabgorlar ruxsatnomalarini Davlat test markazining ruxsatnoma.dtm.uz saytidan yuklab olishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktablarda inklyuziv taʼlimni tashkil etish tartibi, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar “prava”, “repititor” va “harbiy chaqiruv” xarajatlari uchun vaqtinchalik kompensatsiya olishi mumkinligi, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi belgilanishi hamda olti yoshli bolalar majburiy bir yillik taʼlimga qanday asoslarda qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.







