Jamiyat

Farzandlaridan qarzdor ota unutgan burchini sud zalida anglab yetdi

Shovotlik ota 15 sutka qamalishini bilib, 49 millionga yaqin pulni sud jarayonida to‘lab berdi.

Farzandlaridan qarzdor ota unutgan burchini sud zalida anglab yetdi

 

MIB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Zamon.uz‘ga xabar qilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining 2014-yil 10-apreldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor J.U.dan undiruvchi S.Ining foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.


Qayd etilishicha, mazkur ijro hujjati yuzasidan qarzdor J.U. 2017-yil iyul oyiga qadar aliment pullarini to‘lab kelgan. Biroq, keyinchalik qarzdor aliment to‘lamagani maʼlum bo‘ldi. Shu sababli qarzdorni yashash manzilidan topish imkoni bo‘lmaganligi uchun unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan.


Qarzdor 4 yil 3 oy o‘tib uyga qaytganligi haqidagi xabar Byuroning Shovot tuman bo‘limiga yetib borgach, 2017-yil 1-avgustdan 2021-yil oktabr oyiga qadar hisoblangan 48 million 835 ming 342 so‘m aliment qarzdorligini undirish uchun bo‘limga taklif etildi.

 

Taʼkidlanishicha, qarzdorga aliment pullarini to‘lamaslik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi tushuntirildi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK ning 47-4-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yichv Shovot tuman sudiga yuborilgan. 


Maʼlum qilinishicha, sudda ishni ko‘rib chiqish paytida 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini tushungan qarzdor to‘lanishi lozim bo‘lgan 48 million 835 ming 342 aliment pulini undiruvchiga to‘lab berdi. 

 

Sud maʼmuriy ishni O‘zbekiston MJtKning 271-moddasi 10-bandiga asosan tugatgan. 

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 40 million so‘m aliment puli oldindan to‘lab berilgani, Romitanda 118,3 million so‘m aliment mablag‘lari undirib berilgani, Samarqandda qarzdor ota farzandlariga 260 million so‘m hamda salkam 370 million so‘m aliment to‘lab bergani haqida xabar berilgandi.

Farzandlaridan qarzdor ota unutgan burchini sud zalida anglab yetdi | Zamon.uz