Navoiyda ombor mudiri aholiga berilishi kerak bo‘lgan ko‘mirni "yeb yubordi"
U 722,4 tonna ko‘mir kamomadiga yo‘l qo‘ygan.

Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, departamentning Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda 2021-yilning 3-noyabr holatiga ko‘ra, marksheyderlik o‘lchovida ombor mudiri A.A. va boshqalar tuman aholisi uchun imtiyozli narxlarda sotilishi kerak bo‘lgan 216,9 million so‘mlik “BR” markali 722,4 tonna ko‘mir kamomadiga yo‘l qo‘ygani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda 2 nafar shaxs poyezd vagonidan 755 kg ko‘mirni talon-toroj qilgandi. Avvalroq Farg‘onada ombor mudiri aholi va davlat tashkilotlariga tarqatilishi kerak bo‘lgan 852 ming tonna ko‘mirni sotib yuborgani, Termiz shahrida ko‘mir mahsuloti talon-toroj qilingani hamda ko‘mir o‘g‘rilariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.







