Alimentdan qarzdor otaga qatʼiy chora ko‘rildi
Unga bir yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

MIB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Zamon.uz‘ga xabar qilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayhontohur tumanlararo sudining 12-noyabr 2009-yildagi ijro varaqasiga asosan, Byuroning Yashnobod tuman davlat ijrochisi Ch.Xalikova tomonidan qo‘zg‘atilgan. Qarzdor A.Umarovdan M.Umarova foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Maʼlum bo‘lishicha, qarzdor ota undiruvchi M.Umarova bilan ijro varaqa chiqqanidan to hozirgi kunga qadar birgalikda umumiy ro‘zg‘or yuritmagan. Qarzdor otaga ishga kirish uchun tegishli yo‘llanma berilishiga qaramay ishlashni xohlamagan.
A.Umarov yuqorida ko‘rsatilgan sudning ijro varaqasiga binoan moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsni moddiy taʼminlab turishi uchun M.Umarova foydasiga aliment mablag‘larini to‘lab borish uning majburiyati ekanligini bilsada, biroq u 2016 yilning fevral oyidan 2021 yilning fevral oyiga qadar 60 oy uchun jami 27 million 326 ming 934 so‘mlik mablag‘larni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. 2021-yil 11-fevralda Yashnobod tuman maʼmuriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan va unga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Taʼkidlanishicha, qarzdor A.Umarov maʼmuriy jazoga qo‘llanilganidan keyin ham bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan, M.Umarova foydasiga voyaga yetmagan shaxsni moddiy taʼminoti uchun ijro varaqasiga asosan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni muddatda to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi uchun yana aliment qarzdorligi vujudga kelgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining hukmiga ko‘ra, qarzdorga O‘zbekiston Respublikasi JKning 122-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, bir yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Maʼlumot uchun: Zamon.uz jamoasi tomonidan ajrimga qanday holatlar sabab bo‘lishi mumkinligi yuzasidan aholimizning fikri o‘rganilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganchda MIB aralashuvi bilan 21 ta oila yarashtirilgani, qarzdor ota aliment to‘lovi o‘rniga farzandlariga uy bergani, Farg‘onada 40 million so‘m aliment puli oldindan to‘lab berilgani hamda Romitanda 118,3 million so‘m aliment mablag‘lari undirib berilgani haqida xabar berilgandi.







