0

Pensiyalarni tayinlashda birgina pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yetarli bo‘ladi

Mazkur tartib 1-yanvardan amal qiladi. Bundan tashqari…

Pensiyalarni tayinlashda birgina pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yetarli bo‘ladi

 

1-yanvardan pensiya va nafaqa oluvchilar pulni tanlov asosida olishi mumkin. Bunda tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarga pensiya hamda nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.

 

Maʼlumot uchun, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash tartibi har uch yilda alohida o‘tkaziladigan tender asosida amalga oshiriladi. Bunda to‘lov jarayonlarini belgilangan muddat bo‘yicha tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar amalga oshiradi. Mazkur tijorat banki yoki ixtisoslashgan tashkilotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlab olinadi.

 

Bundan tashqari, 2022-yil 1-iyuldan davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, OTMdagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Buning o‘rniga "Yagona mehnat milliy tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK) xizmati joriy etiladi. Mazkur tizimning qulayligi shundaki, agar pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lsa, ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi maʼlumotlarni tizimga kiritishi kifoya.

 

Eslatma. "Yagona mehnat milliy tizimi" bilan bog‘lanish uchun Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish kerak. davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.

 

Mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan "Yagona mehnat milliy tizimi"dan foydalangan holda elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida olinadi.

 

Shuningdek, 2022-yil 1-iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan Pensiya jamg‘armasining binolari bo‘yicha minimal talablarga asosan har bir hududda bittadan Pensiya jamg‘armasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamg‘armasi bo‘limi” tashkil etiladi.

 

Avvalroq eng kam yoshga doir pensiya, ish haqi va yana shunga o‘xshash nafaqalar hamda “Bolalar puli”ni olish oila aʼzolariga taqsimlanadigan oylik daromadga bog‘liqligi haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"