Chorvoqdagi fojia: cho‘kkan uch kishidan ikkinchisining jasadi ham topildi
Hozirda otaning jasadini qidirish ishlari davom ettirilmoqda.

Chorvoq suv omborida 2-sentyabr kuni cho‘kib ketgan uch nafar fuqaroning ikkinchisining jasadi ham topildi.
Ma’lum qilinishicha, 10-sentyabr kuni soat 12:07 da Favqulodda vaziyatlar vazirligi g‘avvoslari tomonidan qidiruv ishlari davomida ikkinchi fuqaroning jasadi aniqlanib, suvdan olib chiqilgan.
Voqea Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Burchmulla» MFY hududida joylashgan Chorvoq suv omborida sodir bo‘lgan. Ota va uning ikki o‘g‘li suvga tushish taqiqlangan hududda himoya nimchalarisiz cho‘milgan.
Dastlab o‘g‘illardan biri suvga tushib, cho‘ka boshlagan. Unga yordam berish maqsadida akasi va otasi ham suvga tushgan. Biroq oqibatda uchalasi ham suvda cho‘kib ketgan.
Qidiruv ishlari natijasida 9-sentyabr kuni soat 13:02 da fuqarolardan birining jasadi topilgan edi. Bugun esa ikkinchi o‘g‘ilning jasadi ham topildi.
Hozirda otaning jasadini qidirish ishlari davom ettirilmoqda.








