Koronavirusning “Omicron” shtammi xavfi tufayli Yaponiya hukumati mamlakatda doimiy rezident bo‘lmagan xorijliklarning kirishiga qo‘yilgan taqiqni fevral oyi oxirigacha uzaytiradi. Bu haqda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida maʼlum qildi.
Aksariyat toifadagi xorijiy fuqarolarning kelishini taqiqlash o‘tgan yilning 30-noyabrida Yaponiyada yangi shtamm bilan kasallanishning birinchi holatlari tasdiqlanganidan keyin joriy qilingan va dastlab bir oyga rejalashtirilgan edi.
Shuningdek, Yaponiyaga qaytgan fuqarolar va ushbu mamlakatda doimiy yashovchi xorijliklar hukumat tomonidan maxsus ajratilgan joylarda karantindan o‘tishlari shart. Yaponiyada “COVID-19” pandemiyasi boshlanganidan beri 1,77 milliondan ortiq odam kasallangan, 18,4 mingdan ortiq odam vafot etgan. 1,71 milliondan ortiq odam tuzalib ketdi.
Avvalroq AQSHda “Omicron" shtammining tarqalishi sababli minglab reyslar bekor qilingani to‘g‘risida xabar berilgan edi.


