Qashqadaryoda YPX xodimlari tomonidan kaltaklangan fuqarolar qamoqqa olindi
Qarshidagi janjal tafsilotlari bo‘yicha dastlabki maʼlumot berildi.


Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrining markaziy ko‘chalarining birida sodir bo‘lgan janjal videosi tarqaldi. Mazkur video bo‘yicha Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 16 sentyabr kuni soat 23:00 larda Qarshi shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan Patrul-post xizmati xodimlariga 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro N.A. hamda uning sheriklari 1995 yilda tug‘ilgan N.A. va 1987 yilda tug‘ilgan X.A.lar mast holatda faol qarshilik ko‘rsatgan.
Ularga nisbatan MJtKning 183 (mayda bezorilik) va 194 (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalari hamda JKning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda huquqbuzarlar protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chiroqchida profilaktika inspektorining egnidagi xizmat kiyimini yirtgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Shuningdek, Qarshida tunda katta yo‘l o‘rtasida bir fuqaroning IIV xodimlaridan qochayotgani aks etgan video tarqalgandi.
Bahriniso Madumarova







