Toshkentda “Xalifalik” davlatini qurmoqchi bo‘lgan 12 nafar shaxs ushlandi
Bugun, 17 sentyabr kuni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Toshkent shahrining Olmazor, Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida istiqomat qiluvchi 12 nafar “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti aʼzolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Tadbir davomida gumonlanuvchilar ushlanib, qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda.


Qayd etilishicha, qo‘lga olinganlarning barchasi Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 1980 yilda tug‘ilgan R.U.ning g‘oyaviy taʼsiri ostida ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan. R.U. va uning jinoiy aloqalari ijtimoiy tarmoq orqali Ukraina davlatida yashirinib kelayotgan 1980 yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, “Maxmud Abdulmo‘min” taxallusli — Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovich bilan aloqa o‘rnatib, uning maʼruzalari va “Hizb-ut Tahrir” ekstremistik tashkiloti materiallarini aholi orasida tarqatib kelgan.
Shuningdek, uning ko‘rsatmalari asosida “tahrirchilar” safiga yangi aʼzolarni yollash bilan shug‘ullanib yurgan. Ular Respublikamizda “Xalifalik” davlatini qurish to‘g‘risidagi g‘oyalarni doimiy ravishda targ‘ib qilishgan.
Ushbu shaxslarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining adabiyotlari va materiallari mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirdi. Hozirda ularning noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
"Hurmatli fuqarolar! Ichki ishlar vazirligi Sizlarni ogohlantiradi. “Hizb-ut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti safida faoliyat qilish, gʼoyalarini qoʼllab-quvvatlash, shu bilan birga “Maxmud Abdulmoʼmin” taxallusi bilan yoʼgʼrilgan maʼruza va materiallarni saqlash hamda tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʼladi. Oʼzingizni va farzandlaringizni “Hizb-ut Tahrir” va boshqa ekstremistik tashkilotlar safiga qoʼshilib qolishidan asrang!" — deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zangiota tumani, Jizzax viloyati, Sirdaryo va Surxondaryoda terrorchilik tashkiloti aʼzolari ushlangandi.
Bahriniso Madumarova







