Jamiyat

Farg‘onada 40 million so‘m aliment puli oldindan to‘lab berildi

Maʼlumki, voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lash tartibini ota-ona o‘zaro kelishgan holda belgilaydi. Mazkur majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga asosan aliment undiriladi.

Farg‘onada 40 million so‘m aliment puli oldindan to‘lab berildi

 

 

MIB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Zamon.uz‘ga maʼlum qilishicha, byuroning Yozyovon tuman bo‘limiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor A.B.dan voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun turmush o‘rtog‘i G.Z foydasiga aliment undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan.

 

Qayd etilishicha, byuroning Yozyovon tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor A.B. farzandi voyaga yetgunga qadar bo‘lgan aliment pulini oldindan to‘lab berishini aytgan.

 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, farzand voyaga yetgunga qadar bo‘lgan aliment miqdori 40 million so‘mni tashkil qilgan va qarzdor ushbu mablag‘ni undiruvchiga topshirgan. Taʼkidlanishicha, ijro ishi O‘zbekiston Respublikasi "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunining 41-moddasi 1-qismiga asosan tamomlangan.

 

Maʼlumot uchun: "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoniga asosan 2021yil 1-martdan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

 

Eslatib o‘tamiz, Qumqo‘rg‘onda 5 nafar bolaga aliment to‘lashdan bosh tortgan otaga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

 

Bundan avval O‘zbekistonda qancha ayol aliment to‘lashi, bolalar onasiga nega olib berilgani, qarzdor ota aliment to‘lovi o‘rniga farzandlariga uy bergani, Jizzaxda MIB aralashuvi bilan yana bir oila yarashtirilgani, Samarqandda qarzdor ota farzandlariga 260 million so‘m hamda salkam 370 million so‘m aliment to‘lab bergani haqida xabar berilgandi.

Farg‘onada 40 million so‘m aliment puli oldindan to‘lab berildi | Zamon.uz