Jizzaxda voyaga yetmaganlar 9 oy ichida qancha jinoyat sodir etgani ochiqlandi
Jizzax shahar davlat xizmatlari markazida “Jizzax shahrida joriy yilda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Jizzax shahar idoralararo komissiyasi tomonidan olib borilgan ishlar, kamchiliklar, istiqbolli rejalar” mavzusida OAV uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Jizzah viloyati hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, shahar hududida komissiya aʼzolari va ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan 9 oy davomida voyaga yetmaganlar tomonidan 7 ta jinoyat sodir etilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan.
Shuningdek, komissiya taklifi va to‘plangan hujjatlarga asoslanib o‘z farzandini noqonuniy ravishda chet davlatlardagi taʼlim muassasalariga jo‘natgan 7 nafar ota-ona sud qarori bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Komissiyaning jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudiga kiritgan iltimosnomasiga asosan 1 nafar voyaga yetmagan o‘quvchi respublika qiz bolalar maxsus o‘quv-tarbiya muassasasiga joylashtirildi.
Maʼlumot uchun: Jizzax shahri aholisi soni 65 ming 760 nafar, uning 27 foizidan ko‘prog‘ini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Shahar hududidagi umumtaʼlim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar maktablari, akademik litseylar hamda maktabgacha taʼlim muassasalarida 47 mingdan ziyod voyaga yetmagan bolalar taʼlim-tarbiya olmoqda.
Bundan avval onlayn qimorda yutqazgan yigit o‘g‘irlik sodir etgani, Namanganda 23 yoshli yigit shifokor ayolning yuziga kislota sepgani, Qarshidagi ommaviy janjal oqibatida 19 yoshli sportchi to‘pponchadan o‘q yegani hamda Andijonda 20 yoshli yigit bozorda tengdoshini pichoqlab, uning o‘limiga sababchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.







