Surxondaryoda firibgar o‘n tonnadan ortiq sarimsoq piyozni o‘zlashtirib ketdi
Hozirda birovning haqidan qo‘rqmagan ayrim kimsalar firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini o‘zlashtirib, ishonchiga kirib olib talon-toroj yo‘li bilan jinoyat sodir etayotganlar ko‘p uchramoqda. Bugungi kun “qahramon”lari — ana shunday halol va haromning farqiga bormagan kimsalarni ko‘rib dilingiz xira tortadi.


Xususan, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida firibgar o‘n tonnadan ortiq sarimsoq piyozni o‘zlashtirib ketgani aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Jarqo‘rg‘on tumanida 2021-yil 8-sentabr kuni Toshkent shahrida yashovchi, Z.Zokir tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unda aytilishicha, 28-iyul kuni tumanning “Qoraburo” mahallasida yashovchi opasi Z.Zaynabning uyida saqlab qo‘ygan 10 tonna 477 kg. sarimsoq piyozni Andijon viloyatida yashovchi K.Karim jami 183 million 347 ming 500 so‘mga savdolashib olib, pulini mahsulotni sotganidan keyin berishini aytgan. Lekin u pulni hozirgi kunga qadar bermay kelyapti.
Hozirda K.Karimga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan avval Xivada tadbirkorga to‘lov talabnomani yo‘qotishni vaʼda qilgan firibgar ushlangani, Jizzaxda firibgar o‘z do‘stining 3500 AQSH dollarini o‘margani, Buxoroda nogironlik nafaqasini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan firibgar hamda soxta dollarga telefon sotib olgan firibgar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.







