Toshkentning ayrim hududlari issiq suv taʼminotidan uzib qo‘yildi
Ayni paytda issiqlik markazida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.


Bugun, 12-noyabr kuni poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazining elektr energiyasi taʼminotida nosozlik ro‘y berdi. Bu haqda “Toshissiqquvvati” xabar berdi.
Shu sababli mazkur qozonxonadan issiq suv va issiqlik uzatish vaqtincha to‘xtatilgan. Buning oqibatida Yunusobod tumanida to‘liq, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida esa qisman issiq suv va issiqlik taʼminotida uzilish kuzatilmoqda.
Maʼlumot uchun: mutasaddilar soat 17:00 gacha issiq suv va kechki 24:00 ga qadar issiqlik taʼminoti to‘liq tiklanishini maʼlum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suvi bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilishi, poytaxtda ichimlik suvi vaqtincha to‘xtatilgani, qator mavzelarida issiq suv taʼminoti vaqtincha o‘chirilishi hamda vaqtincha suvsiz qoladigan hududlar soni oshgani haqida xabar berilgandi.







