Avtomobil eshiklarini ochiq qoldirmang
Toshkentda “Spark” ichidan qimmat uyali telefon va 350 ming so‘m pul o‘g‘irlandi.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, Shayxontohur tumani ichki ishlar organlariga 30 yoshli D.S. ariza bilan murojaat qilgan. Qayd etilishicha, uning “Spark” rusumli avtomobili ichidan 6 million 500 ming so‘mlik mobil telefoni va 350 ming so‘m puli o‘g‘irlangani haqida maʼlum qilgan.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u avtomobil eshiklarini shoshib ochiq qoldirgan. Taʼkidlanishicha, jinoyat qidiruv xizmati xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar davomida gumonlanuvchi 22 yoshli A.D. ekani aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘rilik”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov davom etmoqda.
"Hurmatli fuqarolar! Avtomobillaringiz eshiklarini ochiq holda qoldirmang va qimmatbaho buyumlaringizni salonda qarovsiz tashlab ketmang!", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uchtepa tumanida kuppa-kunduzi o‘g‘irlik sodir etilgani, soxta xaridor kassadagi pullarni o‘marib ketgani, Toshkentda bankomatni buzib, ichidan 165 million so‘m o‘g‘irlagan shaxs ushlangani hamda Toshkentda shinalar o‘rniga g‘isht qo‘yib ketayotgan o‘g‘irilar qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.







