Qashqadaryoda voyaga yetmagan bola pirotexnika vositalarini sotishga urindi
Uning yonidan qog‘oz qutilarda 91 dona pirotexnika vositalari topilgan.


Yangi yil bayrаmi yaqinlashgani sari ayrim uddaburon “tadbirkorlar” tomonidan pirotexnika vositalarini noqonuniy ravishda saqlash, tashish va sotish bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqda. Eng achinarlisi, ushbu harakatlarni voyaga yetmagan fuqarolar tomonidan amalga oshirilishini eshitib, ko‘nglingiz ranjiydi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani IIB va Milliy gvardiya xodimlari tuman markaziy dehqon bozorida tezkor profilaktik tadbirlarini o‘tkazdi.
Maʼlum qilinishicha, olib borilgan tezkor profilaktik tadbirlari davomida Shahrisabz tumanida tug‘ilgan Q.X.ning yonidan qog‘oz qutilarda 91 dona pirotexnika vositalari topilib, holislar guvohligida hujjatlashtirib olingan.
Qayd etilishicha, dastlabki surishtiruv xulosalariga ko‘ra, fuqaro hali voyaga yetmaganligi va u ushbu huquqbuzarlik ashyolarini qonunga xilof ravishda sotmoqchi ekanligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda pirotexnika vositalarining noqonuniy harakatiga chek qo‘yilishi, Qashqadaryoda 14 millionlik pirotexnika vositalari aniqlangani, Andijonda 63 millionlik noqonuniy pirotexnika vositalari to‘xtatib qolingani hamda 8800 dona pirotexnika vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.







