Jamiyat

O‘zbekiston va Sherobod tumanlarida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Ular o‘zganing ishonchiga kirib, yerlarni sotgan.

O‘zbekiston va Sherobod tumanlarida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

 

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, departament, DXX va IIBning O‘zbekiston tumani bo‘limlari tezkor tadbir o‘tkazdi.

 

Maʼlum qilinishicha, fuqarolar M.M. va Sh.U.lar “So‘x-Oqtepa” irrigatsiya tizimiga qarashli 60 sotix yer maydonida issiqxona faoliyatini tashkil etish uchun oldindan til biriktiradi. Ular fuqaro K.ning ishonchiga kirib, unga 7 600 AQSH dollari evaziga rasmiylashtirib berish uchun oldindan 5 000 AQSH dollarini olgan.

 

Shuningdek, departamentning Sherobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham ana shunday holat kuzatildi. Aytilishicha, “Ch.Q.” fermer xo‘jaligi rahbari E.E. fuqaro 96 million so‘m evaziga B.ga xo‘jalikka tegishli bo‘lgan 1 050 gektar yaylov va 50 sotix suvli yer maydonini rasmiylashtirib berishga kelishgan. U tanishlari orqali firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 83 million so‘m hisobidan 2 million so‘mini qaytarganligi holati protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

 

Ikki holatda firibgarlar o‘zganing ishonchiga kirib, yerlarni sottgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

 

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda noqonuniy yer sotayotgan shaxslar ushlangani, Sirdaryoda noqonuniy yerdan foydalanib, imorat tiklagan fuqaroga ogohlantirishdan so‘ng chora ko‘rilgani, Jarqo‘rg‘on tumanida zaxiradagi yerni sotmoqchi bo‘lgan firibgar ushlangani, Farg‘onada “auksion” orqali arzon yer maydoni olib beraman deb 60 million so‘mni qo‘lga kiritgan shaxs qo‘lga olingani hamda DXX tomonidan noqonuniy yer sotish holatlarining oldi olingani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston va Sherobod tumanlarida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi | Zamon.uz